Gaz plitasida uyni isitish jiddiy xavf tugʻdiradi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz plitasi va nosoz isitish uskunalaridan notoʻgʻri foydalanish is gazi bilan zaharlanishga olib kelishi mumkinligini ogohlantirdi. Shu sababli xavfsizlik qoidalariga rioya qilish tavsiya etiladi.
Vazirlik qolbaki yoki nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmaslikni, pech va mo'rilarni esa mutaxassislar orqali muntazam tekshirtirib, tozalatib turishni tavsiya qiladi. Isitish uskunalarini, ayniqsa tunda, nazoratsiz qoldirmaslik lozim.
Isitish jihozlari yaqinida yonuvchi buyumlarni saqlash xavfli hisoblanadi. Gaz jihozlarini oʻrnatish va ishlatishda belgilangan talablar hamda ishlab chiqaruvchi yoʻriqnomasiga amal qilish kerak.
Xonada gaz hidi sezilsa, chiroq va elektr jihozlarini yoqish-oʻchirish hamda ochiq olovdan foydalanish man etiladi. Eshik-derazalarni ochib, xavfsiz joyga chiqqach, 104 — gaz avariya xizmatiga qoʻngʻiroq qilish kerak. Is gazi rangsiz va hidsiz boʻlgani sababli uni hid orqali aniqlab boʻlmaydi.
Manba: Kun.uz