Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Iqtisodiyot Bugun, 17:34 1 marta oʻqildi

Nukusda 22 ta gaz quyish shoxobchasi jarimalandi

Nukusdagi 22 ta avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchasida siqilgan gaz narxi bir vaqtda oshirilgani aniqlandi. Raqobat qoʻmitasi bu holatni raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakat deb baholab, shoxobchalarga jarima qoʻlladi.

Qoʻmitaga fuqarodan murojaat kelib tushgach, shoxobchalardagi narxlar tekshirildi. Natijada siqilgan gazning 1 kub metri amaldagi narxga nisbatan oʻrtacha 1050 soʻmgacha qimmatlashtirilib sotilgani aniqlandi.

Qoʻmita «Raqobat toʻgʻrisida»gi qonunning 19-moddasi, ya'ni raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni taqiqlash talabi buzilgani boʻyicha ish qoʻzgʻatdi. Yakunda shoxobchalarga moliyaviy jarimalar qoʻllandi va qonunbuzarlikni bartaraf etish boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berildi.

Qarordan norozi boʻlgan 9 ta subyekt sudga murojaat qildi. Sud qoʻmita qarorlarining qonuniyligini tasdiqladi. Qoʻmita mulkchilik shaklidan qat'i nazar, ichki bozordagi subyektlar ustidan monitoringni davom ettirishini bildirdi.

Oldinroq Samarqand viloyati Payariq tumanida ham shunga oʻxshash holat aniqlangan edi: 12 ta shoxobchadan 11 tasida narxlar bir vaqtda oʻrtacha 300 soʻmga oshirilgan.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid