Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Oʻzbekiston oltin zaxirasi 9 oyda 55 tonnaga oshdi

Oʻzbekiston sentyabr oyida ham oltin eksport qilmadi. Yil boshidan buyon mamlakat oltin zaxirasi qariyb 55 tonnaga koʻpaydi.

Statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Markaziy bank yil boshidan beri faqat aprel (1,5 mlrd dollar) va iyul (1,3 mlrd dollar) oylarida qimmatbaho metall sotgan. Qolgan oylarda zavodlardan sotib olingan oltin zaxiraga joylashtirilgan.

Oldingi yillarda oltin sotuvi mamlakat umumiy eksportining kamida uchdan birini tashkil etgan. 2025 yilning dastlabki toʻqqiz oyida 9,8 mlrd dollarlik oltin sotilib, eksport tushumlarining 35,9 foizini egallagan. Joriy yilning shu davrida bu koʻrsatkich 10,8 foizga tushgan.

2026 yil 1 oktyabr holatiga koʻra, zaxirada 14,3 mln unsiya (446,9 tonna) oltin saqlanmoqda, yanvar boshida esa 12,6 mln unsiya (391,9 tonna) edi. Jahon markaziy banklari 2026 yil boshidan beri 130 tonnaga yaqin oltin sotib olgan, shundan 40 tonnasi Oʻzbekistonga toʻgʻri kelib, bu dunyoda uchinchi oʻrin boʻlgan.

Mamlakatda oltinni Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari qazib oladi. Markaziy bank ularning yagona xaridori boʻlib, sotib olingan oltinni zarur paytda sotish huquqiga ega. Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning I yarmida oltin sotuvidan 2,38 mlrd dollar sof foyda olganini maʼlum qilgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid