Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Eron Hormuz bo‘g‘ozini ikki kunda ochishga tayyor

Eron AQSH o‘z shartlarini qabul qilsa, Hormuz bo‘g‘ozini ikki kun ichida qayta ochishga tayyorligini bildirdi. Avvalroq Tehron bu jarayon uchun bir haftalik muddat taklif qilgan edi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy bayonotida, reja amalga oshirilsa, bo‘g‘ozda xavfsizlik tiklanib, muzokaralar qayta boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar bergan.

Baqoiyning so‘zlariga ko‘ra, vositachilar orqali AQSH bilan xabar almashish davom etmoqda. Barcha keyingi qadamlar Vashingtonning Eron talablarini qabul qilishiga bog‘liq.

Fevral oxirida Yaqin Sharqda urush boshlangandan beri Eron Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilib, ruxsatsiz o‘tishga urinayotgan kemalarga zarba bermoqda. AQSH esa Eron portlariga dengiz blokadasini joriy etgan.

AQSH avgustdan beri Eronga nisbatan yangi sanksiyalar paketini qo‘llamoqda. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar va Isroil Eronga qayta hujum qilish tahdidlarini kuchaytirgan. Baqoiy har qanday tajovuzga kuchli javob berilishini ogohlantirgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid