Armaniston va Ozarbayjon o‘zaro da'volardan voz kechishi kutilmoqda
Ikki davlat yakuniy tinchlik shartnomasini imzolasa, xalqaro sudlardagi bir-biriga qarshi da'volari bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Armaniston Bosh vazir apparati rahbari Lilit Makunts ma'lum qildi.
Makuntsning aytishicha, tomonlar shartnomani imzolasa, o‘zaro da'volarni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Shu bilan birga, Yerevan xalqaro maydonda o‘z manfaatlarini himoya qilishni davom ettirishini bildirdi.
Nizo 2021-yil sentyabrda boshlangan. Ikki davlat bir-birini irqiy kamsitishga qarshi xalqaro konvensiyani buzishda ayblab, BMT Xalqaro sudiga murojaat qilgan. Sud vakolati yuzasidan bahslar tufayli ish vaqtincha to‘xtatilgan.
2024-yil noyabrda BMT sudi aksariyat da'volar bo‘yicha o‘z vakolatini tasdiqlagan. Shuningdek, dekabrda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan tinchlik shartnomasi imzolangach, barcha da'volarni qaytarib olishga tayyor ekanini aytgan.
Manba: Daryo