Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) va Bosh prokuror idorasi Volodimir Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendelga nisbatan davlatga xiyonat va boshqa modda bo'yicha gumon e'lon qilgani ma'lum bo'ldi.

UXX matbuot xizmatining xabariga ko'ra, Mendel Ukrainaga qarshi axborot-targ'ibot faoliyati bilan shug'ullangan. Unga Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo'yicha gumon e'lon qilingan: harbiy holat sharoitida sodir etilgan davlatga xiyonat (111-moddaning 2-qismi) hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini oqlash va ulug'lash (436-2-moddaning 2 va 3-qismlari).

UXX ma'lumotiga ko'ra, Mendel chiqishlarida va ijtimoiy tarmoqdagi postlarida Ukrainani xalqaro miqyosda obro'sizlantirgan hamda Rossiya rejimining urushini oqlagan. U Ukraina hududidan tashqarida bo'lgani sababli, javobgarlikka tortish choralari ko'rilmoqda. Tergov Bosh prokuror idorasi protsessual rahbarligi ostida UXX tergovchilari tomonidan olib borilmoqda.

Mendel ilgari ham Ukraina va Zelenskiyga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirgan. Mayda u Tucker Karlsonga bergan intervyuda Rossiya targ'ibotiga xos bir qator da'volarni ilgari surgan. Avgustda esa Fransiyaning Le Journal nashriga bergan intervyuda prezidentni urushdan eng katta foyda ko'rayotgan shaxs deb atagan. Sentabrda Zelenskiy Mendelga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy qilgan, bu ro'yxatda jami o'nta Rossiya va Ukraina fuqarosi bor edi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid