Tramp Eron bilan to‘qnashuv xarajatlarini “arzimas” deb atadi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan harbiy to‘qnashuvga sarflangan 30 mlrd dollarni arzimas summa deb baholadi va mojaroni istalgan vaqtda yakunlash mumkinligini aytdi.
Tramp Fox News telekanali boshlovchisi Shon Xannitiga bergan intervyusida xarajatlar haqidagi savolga javob berib, AQSH Venesuelaning o‘zidan bundan bir necha baravar ko‘p daromad olganini ta’kidladi. U Eron bilan ziddiyatni “yumshoq urush” deb atadi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Vashington keng ko‘lamli harbiy harakatlar olib bormayapti. Tomonlar bir necha oydan beri bir-biriga zarba bermagan, AQSH esa Tehron bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, 3-noyabrda Amerika OAVlari AQSH Eronning janubidagi Qeshm orolига hujum qilgani haqida xabar berdi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bir necha oydan beri Eronga kichik hajmli yashirin zarbalar berib kelmoqda, biroq bu rasman tasdiqlanmagan. CNN manbasi esa hukumat vaziyat ko‘lamini kamaytirib ko‘rsatish uchun hujumlar haqidagi ma’lumotni ataylab yashirayotganini aytgan.
2-noyabrda amerikalik jurnalist Tucker Karlson Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Trampga bosim o‘tkazayotgani va AQSH yaqin kunlarda Eronga yadroviy zarba berishi mumkinligini aytdi. Uning da’vosiga ko‘ra, Tramp bu masalada 7-noyabrgacha qaror qabul qilishi mumkin.
Manba: Daryo