Beshta davlat kompaniyasi 2027–2028-yillarda IPO o‘tkazadi
Hukumat 2027–2028-yillarda 4 ta yirik korxona va 1 ta bank aksiyalarini IPO orqali joylashtirishni rejalashtirmoqda. Ro‘yxatga Uzbekistan Airways ham kiritilgan.
Ro‘yxatga Uzbekistan Airways, O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari, O‘zbekgidroenergo, O‘zbektelekom va O‘zsanoatqurilishbank kiradi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, hozirda bu kompaniyalar transformatsiya qilinmoqda hamda xalqaro kapital bozorlariga tayyorlanmoqda.
Iyun oyida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat rahbariga taqdimotda beshta kompaniyani IPOga tayyorlash ishlari 2026-yilda yakunlanishi maqsad qilinganini aytgan edi. Shu yilning oxirigacha UzAirways aksiyalarining 15–20 foizini IPO orqali sotish rejalashtirilgan.
Ushbu kompaniyalar Milliy investitsiya jamg‘armasi portfeliga kiradi. Joriy yilda jamg‘arma aksiyalarining 35,45 foizi London va Toshkent fond birjalarida IPO orqali joylashtirilib, davlat byudjetiga 692 mln dollar tushirilgan. Jamg‘armani AQShning Franklin Templeton kompaniyasi boshqarmoqda.
14-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Investors Day tadbirida 250 nafardan ortiq xorijiy investor ishtirok etgan, ularning umumiy investitsiya portfellari qiymati 2,5 trln dollardan oshgan.
Manba: Kun.uz