Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

3-MBF 10 million tonna maʼdanni qayta ishladi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-Mis boyitish fabrikasi 2026 yil 16 martdan 4 noyabrgacha 10 million tonna maʼdanni qayta ishladi. Shu davrda Mis eritish zavodiga 160 ming tonnadan ortiq mis konsentrati yetkazib berildi.

Fabrikaning ishga tushirilishi 2026 yil 16 martda boʻlib oʻtdi. Oʻsha kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, korxona faoliyatiga start berdi hamda “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish loyihasining muhim bosqichini boshladi.

Fabrikaning loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlashga moʻljallangan. Toʻliq quvvatda ishlaganda esa yiliga qariyb 900 ming tonna mis konsentrati ishlab chiqarish mumkin boʻladi.

Qayta ishlash hajmi oy sayin oshib bormoqda: martda 661,5 ming tonna, iyunda 1 million 161 ming 805 tonna, oktyabrda esa 1,6 million tonnadan ortiq maʼdan qayta ishlandi. Oktyabr natijasi martdagidan qariyb 2,5 barobar yuqori boʻldi.

Hozirda fabrikadagi 12 ta tegirmondan 10 tasi ishga tushirilgan, qolganlarida sozlash va sinov ishlari davom etmoqda. Yaqin orada ularni ham ishlab chiqarishga jalb qilish rejalashtirilgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid