Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Kuniga yeryongʻoq yeyish xotirani mustahkamlashi mumkin — tadqiqot

Niderlandiyadagi Maastrixt universiteti tibbiyot markazi olimlari kuniga 60 gramm yeryongʻoq iste’mol qilish katta yoshdagi odamlarda miyaning xotira bilan bogʻliq sohalarida insulinga reaksiyani yaxshilashini aniqladi.

Tadqiqotda 60–75 yoshdagi 31 nafar sogʻlom odam ishtirok etdi. Tadqiqot kesishgan usulda oʻtkazildi: ishtirokchilar 16 hafta davomida kuniga 60 gramm yeryongʻoq iste’mol qildi, keyingi 16 hafta esa bu toʻxtatildi.

Burun orqali insulin yuborilib, MRT yordamida miyadagi qon aylanishi kuzatildi. Natijada 16 haftalik yeryongʻoq iste’molidan soʻng miyaning oʻng yarim sharidagi xotiraga javob beradigan gippokamp va unga qoʻshni qismlarda insulinga reaksiya yaxshilangani qayd etildi.

Olimlarning fikricha, samara bitta moddaga emas, balki yeryongʻoq tarkibidagi toʻyinmagan yogʻlar, kletchatka, vitamin, minerallar va oʻsimlik birikmalarining uygʻunligiga bogʻliq. Shuningdek, yeryongʻoqda L-arginin koʻp boʻlib, undan hosil boʻladigan azot oksidi tomirlarni kengaytirib, qon aylanishini yaxshilaydi.

Tadqiqot rahbari Piter Yorisning ta’kidlashicha, natijalar kundalik yeryongʻoq iste’moli xotira bilan bogʻliq miya sohalariga ijobiy ta’sir qilishini koʻrsatadi. Biroq ishtirokchilar soni kam boʻlgani sababli, natijalarning amaliy ahamiyati va uzoq muddatda saqlanishini aniqlash uchun kengroq va uzoq muddatli tadqiqotlar zarur.

Manba: Daryo

Mavzuga oid