Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Dizel kelishuvi xavf ostida: ikki tanker yoʻnalishini oʻzgartirdi

Financial Times maʼlumotiga koʻra, Rossiya dizel yonilgʻisini AQShga yetkazishi kerak boʻlgan tankerlardan ikkitasi yoʻnalishini oʻzgartirgan. Bu Donald Tramp va Vladimir Putin oʻrtasidagi dizel importi boʻyicha kelishuvning amalga oshmay qolish xavfini tugʻdirmoqda.

Gazetaning xabariga koʻra, Rossiyaning Talisman tankeri hamda Syerra-Leone bayrogʻi ostida suzayotgan Leruo tankeri endi AQShning Atlantika sohiliga emas, boshqa manzillarga yoʻl olgan. Leruo 2-noyabrdan Braziliya tomon harakatlanmoqda, Talisman esa Jazoir sohillari yaqinida toʻxtab, «koʻrsatmalar kutilmoqda» degan signalni bermoqda. Har ikki tanker Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida ekani qayd etilgan.

Gretsiyaga tegishli Agioi Fanendes tankeri hozircha AQS tomon yoʻlda davom etmoqda va shu hafta oxirida Nyu-Yorkka yetib borishi kerak. Biroq u ham «koʻrsatmalar kutilmoqda» signalini bermoqda, Kpler tahlilchisi esa amerikalik xaridorlarning tartibga solish talablari va sanksiyalar xavfi tufayli bu tanker ham yoʻnalishini oʻzgartirishi mumkinligini aytgan.

Seyshel orollaridagi kompaniyalarga tegishli Beast tankeri esa 27-oktabrda Rossiyaning Primorsk portida yuk ortib, AQS Atlantika sohili tomon harakatda davom etmoqda. Eron bilan urush boshlangandan buyon dizel fyuchers narxi 60 foizdan ortiq oshgan; 2026-yil noyabr boshida AQShdagi yoqilgʻi quyish shoxobchalarida dizelning oʻrtacha narxi galloni uchun 6,30 dollar, yaʼni litri uchun 1,66 dollar boʻlgan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid