Oʻzbekistonda 5 million tonnadan ortiq paxta terildi
2026-yilda Oʻzbekistonda 5 million tonnadan ortiq paxta yigʻib olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu natijani Yangi Oʻzbekiston tarixidagi rekord deb baholadi.
Davlat rahbarining dehqon va fermerlarga yoʻllagan tabrigida bu koʻrsatkich paxtachilik sohasidagi «Yangi Oʻzbekiston moʻjizasi» deb atalgan. Tabrikda sohada ishlagan dehqonlar, agronomlar, mexanizatorlar va olimlarga minnatdorchilik bildirilgan.
Tabrikda qayd etilishicha, so'nggi yillarda paxta ekiladigan maydonlar 38 foizga qisqartirilgan, biroq oʻrtacha hosildorlik 21 sentnerdan 56 sentnerga yetib, 2,7 barobar oshgan. Suv tejovchi texnologiyalar hisobiga suv sarfi 1990-yillarga nisbatan ikki baravar kamaygan.
Bu yil qariyb 400 ming gektar yerda oʻrtacha hosildorlik 70 sentnerga yetgan, salkam 70 ming gektarda esa gektaridan 100–110 sentnergacha hosil olingan. Hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinasi yordamida 30–35 kunda yigʻib olingan.
Prezident fermerlar bu yil paxtadan 13–14 trillion soʻm sof foyda olishini kutayotganini bildirdi. Kelgusi yilda oʻrtacha hosildorlikni 65–70 sentnerga yetkazish maqsad qilingan.
Manba: Kun.uz