Bitiruvchilar sifati indeksini hisoblash tartibi belgilandi
Oliy ta'lim bitiruvchilarining bandligi va daromadiga asoslangan «Bitiruvchi sifati indeksi»ni hisoblash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Tegishli idoraviy hujjat 2026 yil 31 oktyabrda 3964-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Indeks hisobot yili yakunlari bo‘yicha to‘rtta asosiy ko‘rsatkichga tayanadi: bandlik tezligi, barqaror bandlik darajasi, o‘rtacha oylik daromad va bandlik toifasi.
Hisobot davri 1-iyuldan keyingi yilning 30-iyunigacha bo‘lgan 12 oyni qamrab oladi. Ijtimoiy reestrga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar uchun esa alohida tartib nazarda tutilgan: ularga bandlik tezligi va toifasi bo‘yicha eng yuqori koeffitsiyent qo‘llanadi.
Bitiruvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta bandlik toifasiga mansub bo‘lsa, unga nisbatan belgilangan oshiruvchi koeffitsiyentlarning eng yuqorisi qo‘llanadi. Prezidentning 2026 yil 10 apreldagi PF–58-son farmoniga ko‘ra, eng yuqori indeksga ega 20 ta oliy ta'lim tashkilotining karyera markazi har yili 500 mln so‘mdan moliyaviy rag‘batlantiriladi.
Manba: Daryo