Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Jahon tillari universiteti dekani lavozimidan ozod etildi

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjimonlik fakulteti dekani lavozimidan ozod etildi. Universitet matbuot xizmati bu haqdagi ma’lumotni tasdiqladi.

Ozod etish sababi haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Dekan ishdan olinishidan oldin talabalar «Xavfsiz talaba» ilovasini oʻrnatish bilan bogʻliq mojaro yuzasidan shikoyat qilgan edi.

Talabalarning soʻzlariga koʻra, 3-noyabr kuni universitetga kirishda ulardan ilovani oʻrnatish talab qilingan. Uni oʻrnatmaganlar darslarga kiritilmagan, kechikkanlarga esa davomat boʻyicha «nb» belgisi qoʻyilgan. Shuningdek, talabalar dekan, dekan oʻrinbosari va tyutorlar auditoriyalarga kirib, ilovani yuklab olishni talab qilgani va rad etganlarga tanbeh berilganini aytgan.

Dastlab universitet vakillari talabalar darslardan chetlatilmaganini bildirgan, ilovani oʻrnatish tavsiyaviy xarakterga ega deb ta’kidlagan. Biroq «Dарё» muxbiri kuzatuv kameralari yozuvlarini oʻrganganda, Tarjimonlik fakulteti tyutorlari talabalardan ilovani oʻrnatishni soat 08:15 gacha soʻraganini koʻrsatgan.

Keyinchalik universitet ushbu holatni oʻrganib, tegishli choralar koʻrilganini va talabalar darslarga kiritilganini maʼlum qilgan. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi masalani nazoratga olib, ishchi guruh tuzgan. «Xavfsiz talaba» ilovasini UZINFOCOM ishlab chiqqan; u elektron talabalik guvohnomasi, SOS chaqiruvi, davomatni kuzatish va turar joylar faoliyatini nazorat qilish imkoniyatlarini oʻz ichiga oladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid