Melaniya Tramp Rossiya va Ukraina vakillari uchrashuvini rejalashtirmoqda
Oq uy ma'lum qilishicha, AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp Oq uyda Rossiya va Ukraina vakillarini bir joyga to'plashni rejalashtirmoqda. Uchrashuv 5-noyabrda bo'lishi kutilmoqda va unda Oleshkidagi gumanitar operatsiya muhokama qilinadi.
Uchrashuvda Moskva va Kiev nomidan kimlar ishtirok etishi hali noma'lum. Shu kuni Melaniya Tramp Xerson viloyatidagi, hozir Rossiya nazorati ostidagi Oleshki shahrida o'tkazilgan gumanitar operatsiya haqida nutq so'zlashi kutilmoqda.
Oq uy 23-oktabrda Rossiya va Ukraina Oleshki aholisini xavfsiz evakuatsiya qilish bo'yicha otashkesimga kelishganini e'lon qilgan edi. Bu kelishuvga Melaniya Tramp ishtirokida erishilgani aytilgan. 27-oktabrdan 1-noyabrgacha tomonlar jangovar harakatlarni to'xtatib, shaharda qo'shma gumanitar operatsiya o'tkazgan, aholi esa Rossiya yoki Ukrainaga evakuatsiya qilinish imkoniyatiga ega bo'lgan.
Operatsiyani Rossiya tomonidan inson huquqlari bo'yicha vakil Yana Lantratova, Ukraina tomonidan esa ombudsman Dmitriy Lubinets nazorat qilgan. "Le Monde" ma'lumotlariga ko'ra, operatsiyani aslida Rossiya va Ukraina razvedka xizmatlari tayyorlagan, biroq u jamoatchilikka Melaniya Tramp vositachiligidagi tashabbus sifatida taqdim etilgan. Oleshki 2022-yilda Rossiya nazoratiga o'tgan, 2026-yil kuziga kelib esa shaharda gumanitar vaziyat keskin og'irlashgan: aholi oziq-ovqat, elektr energiyasi va zarur tibbiy yordam yetishmasligiga duch kelgan.
Manba: Daryo