Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Oʻzbekiston Bugun, 19:42 1 marta oʻqildi

Buxoroda xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroda rejalashtirilgan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik masalalari yuzasidan yig'ilish o'tkazdi. Unda shahar transporti, xavfsizligi va infratuzilmasini kompleks rivojlantirish vazifalari belgilandi.

Davlat rahbari tadbirlar Buxoroning boy tarixiy merosi va hozirgi salohiyatini namoyon etishi, shu bilan birga viloyat rivojlanishiga xizmat qilishi kerakligini ta'kidladi. Buning uchun tadbir o'tkaziladigan joylar bilan cheklanmasdan, transport, xizmat ko'rsatish, xavfsizlik va shahar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Yig'ilishda vazirliklar va idoralarga xorijiy hamkorlar bilan muloqotga tayyorgarlik ko'rish hamda islohotlarning amaliy natijalarini namoyish etish vazifasi topshirildi. Jamoat xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, vaziyat markazlarini ishga tushirish, raqamli texnologiyalar yordamida kuzatuvni yo'lga qo'yish va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish rejalari muhokama qilindi.

Mehmonlar avvalo aeroport, vokzal va yo'llar holatiga e'tibor qaratishi hisobga olinib, qiymati 300 million dollar bo'lgan yangi xalqaro aeroport qurilishi hamda uni shahar bilan bog'laydigan 23,5 kilometrlik yo'lni barpo etish rejalashtirildi. Shahar va tumanlarni vokzallar bilan bog'lash uchun qo'shimcha 120 ta avtobus jalb etish belgilandi. Xalqaro tadbirlardan investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda foydalanish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika loyihalari va elektr energiyasini uzatish infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham ko'rib chiqildi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid