Metroning yangi bekatlarida poyezd kelish vaqti tablolari oʻrnatiladi
Toshkent metrosining kelgusida quriladigan yangi liniya va bekatlarida poyezdlarning kelish va joʻnash vaqtini aniq koʻrsatuvchi elektron tablolar oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Yoʻldosh Yusupov ma’lum qildi.
Hozirgi bekatlardagi elektron tablolar keyingi poyezdgacha qancha vaqt qolganini emas, oldingi poyezd joʻnab ketganidan buyon oʻtgan vaqtni koʻrsatadi. Mavjud bekatlarga zamonaviy taymer va elektron soatlar oʻrnatish texnik imkoniyatlar cheklangani sababli qiyin ekani aytildi.
Prezidentning 2026-yil 15-maydagi 191-sonli qaroriga muvofiq, kelgusida quriladigan liniya va bekatlarda aqlli elektron tablolarni bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan. Hozir ishlayotgan bekatlardagi tablolar qachon yangilanishi haqida esa aniq muddat hali eʼlon qilinmagan.
Shu bilan birga, metro infratuzilmasini kengaytirish va harakat intervalini qisqartirish boʻyicha ishlar ham yoritildi. Soʻnggi yetti yilda 33 kilometr yangi yoʻnalish qurilib, 21 ta bekat ishga tushirilgan, bekatlar soni 50 taga yetgan. Kunlik yoʻlovchilar soni 2021-yildagi 280–300 ming kishidan 2026-yilda 1,2 milliondan oshgan.
Manba: Daryo