Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Oʻzbekiston Bugun, 21:27 1 marta oʻqildi

Ekstremistik tashkilotlarda ishtirok uchun 10 yilgacha qamoq jazosi

O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashga oid qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ekstremistik va boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etgan shaxslarga 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Adliya vazirligining xabar berishicha, yangi normalar Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritildi. Endi ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish alohida jinoyat sifatida belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik ekstremistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, tarqatish yoki shu maqsadda saqlash uchun joriy etildi. Bunday materiallar qirg‘in, zo‘ravonlik bilan ko‘chirish yoki aholi orasida vahima chiqarishga chaqirsa, javobgarlik kuchayadi. Ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari ramzlarini tayyorlash va saqlash ham shu javobgarlikka kiradi.

Fuqarolarga 50 baravardan 100 baravargacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravardan 150 baravargacha BHM miqdorida jarima belgilangan. Muqobil jazo sifatida 15 sutkagacha ma’muriy qamoq nazarda tutilgan. Agar shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazodan keyin takrorlansa, jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.

Qonunga ko‘ra, qonunchilikdagi «diniy ekstremizm» atamasi «ekstremizm» so‘zi bilan almashtirildi. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kunidan kuchga kiradi. Senat qonunni 2026 yil 13 avgustda ma’qulladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid