Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Zarbdor hokimi ishdan olindi: bogʻcha mudirasi oʻldirilgan

Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi Bekzod Toshpoʻlatov 31-oktyabrda lavozimidan ozod etildi. Qaror tumandagi bogʻchalardan birining mudirasi oʻldirilishi ortidan qabul qilingan.

Tuman hokimligi matbuot kotibi Oʻktam Sulaymonov hokimning ishdan olinganini tasdiqladi. Tuman hokimi vazifasini vaqtincha uning oʻrinbosari Alisher Erjigitov bajaradi.

Zarbdorning Yangihayot mahallasida bogʻcha mudirasi boʻlib ishlagan ayol qotillik qurboni boʻldi, uning ikki farzandi bor. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma'lumotiga koʻra, uning turmush oʻrtogʻi gumonlanuvchi sifatida ushlangan. Erkak voqeadan soʻng 102 raqamiga oʻzi qoʻngʻiroq qilib, hodisa haqida xabar bergan.

Tarqalgan ma'lumotlarda sobiq hokimning nomi ham tilga olingan, ammo uning voqeaga aloqadorligi boʻyicha rasmiy xulosa e'lon qilinmagan. Ushbu holat yuzasidan 29-oktyabrda Zarbdor tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

Toshpoʻlatov 2025-yil 17-yanvardan beri tumanni boshqarib kelgan. Unga qadar Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshligʻi boʻlib ishlagan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid