Isroil AQShga Eron kimyoviy qurol ishlatishi mumkinligini aytdi
Isroil razvedkasi Eronning raqiblariga qarshi kimyoviy qurol ishlatishi mumkinligi haqida maʻlumot olib, uni AQShga taqdim etgan. Bu haqda The New York Times nashri manbalarga tayanib xabar bergan.
Nashrning yozishicha, bir qator amerikalik amaldorlar bu ogohlantirishga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, Isroil hukumati shu yoʻl bilan Tramp maʻmuriyatini Eronga qarshi keng koʻlamli harbiy harakatlarni qayta boshlashga ishontirmoqchi. Shu bilan birga, ogohlantirishni jiddiy qabul qilish kerak, deb hisoblovchilar ham bor.
Isroil bu maʻlumotni Fors koʻrfazi davlatlari bilan ham boʻlishgan. Ulardan ayrimlari Eron haqiqatan ham kimyoviy qurol ishlatishni rejalashtirayotganiga shubha bilan qaraб, Isroil urushni kuchaytirishga intilayotganini taʻkidlagan.
AQSh Eronning kimyoviy qurolga ega ekani yoki uni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida bir necha bor taʻkidlagan. Tehron esa 1980-yillardagi Eron-Iroq urushi davrida bunday qurollarni ishlab chiqarganini, keyinchalik ularni yoʻq qilganini bildirgan.
So‘nggi haftalarda AQShning Eronga yangi zarbalar berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Oktyabr boshida AQSh Eronning Qeshm oroliga zarba bergan va buni amerikalik dronlarga qarshi javob deb izohlagan.
Manba: Daryo