Tramp Ukraina bo‘yicha katta bitim tayyorlanayotganini aytdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina bo‘yicha katta kelishuv tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Uning fikricha, bu bitim nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropaga ta’sir qilishi mumkin.
Tramp Oval kabinetda jurnalistlar savollariga javob berib, muhokama qilingan masalalarni aniq aytib bera olmasligini, biroq bitim bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina vakillari AQSH birinchi xonimi Melaniya Tramp bilan uchrashganidan keyin u Vladimir Putinning vakili Kirill Dmitriyev bilan yopiq eshiklar ortida alohida suhbat o‘tkazgan.
Tramp faqat rossiyalik vakil bilan uchrashganini, ukrainalik vakillar bilan esa uchrashuv bo‘lmaganini ochiqlagan. U AQSH Rossiya va Ukraina masalasini hal etishga juda yaqinlashib qolganiga ishonishini bildirdi.
Shuningdek, Tramp 2025 yilning iyul oyida imzolangan qonun loyihasini ham shunga o‘xshash ibora bilan – “katta va chiroyli” deb atagan edi. Ushbu qonun federal soliq imtiyozlarini joriy etish hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashga yo‘naltirilgan xarajatlarni nazarda tutgan.
Manba: Daryo