Juma, 6-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Jamiyat Bugun, 12:47 1 marta oʻqildi

Melaniya Trampga berilgan eng gʻayrioddiy sovgʻalar

Amerika birinchi xonimi Melaniya Tramp turli davlatlar rahbarlari va ularning xotinlaridan qimmatbaho hamda gʻayrioddiy sovgʻalar olgan. Ular orasida qoʻngʻiz shaklidagi stul ham bor.

Italiya bosh vaziri Paolo Gentiloni 2017 yil mayda Taormina shahrida boʻlib oʻtgan G7 sammiti chogʻida unga qizil Ferragamo sumkasini taqdim etgan. Uning narxi taxminan 3400 dollar boʻlgan. Sammit ishtirokchisi davlatlarning barcha birinchi xonimlari ham shunday sumka olgan.

Xitoy rahbari Si Tszinpin va xotini Peng Lyuan 2017 yil aprelda AQShga tashrif buyurganda 85 ta buyumdan iborat Honhav chinni toʻplamini hamda Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago mulkini aks ettirgan ikkita lavha sovgʻa qilgan. Toʻplam 16 ming dollardan ortiq baholangan. 2018 yil mayda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa qoʻlda tikilgan an’anaviy soʻzanani taqdim etgan, uning qiymati 4200 dollar.

2018 yil aprelda Parijga tashrif chogʻida Fransiya birinchi xonimi Brigitte Makron Melaniyaga Givenchy brendining taxminan 850 dollarlik klatchini sovgʻa qilgan. Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 2018 yil oktabrda uchrashuv vaqtida unga latundan ishlangan qoʻngʻiz silueti tushirilgan Shosha Kamal Design House stulini topshirgan. Sovgʻa 10 ming dollarga baholangan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid