Eski avtoshinalarni yoʻl qurilishida ishlatish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekistonda eski avtomobil shinalaridan olinadigan rezina uvoqlarini qoʻshib, yoʻl bitumi ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Loyihaning qiymati 35 million dollarni tashkil etadi.
Budapeshtda Vengriyaning MOL Group va Oʻzbekistonning SHB ROAD INVEST kompaniyalari vakillari ushbu loyihani muhokama qildi. Uchrashuv Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan.
Muzokaralarda rezina bilan modifikatsiyalangan bitum (RMB) ishlab chiqarish texnologiyasini Oʻzbekistonga olib kirish masalasi koʻrib chiqildi. Texnologiya eskirgan shinalarni qayta ishlab, olingan rezina uvoqlarini yoʻl bitumiga qoʻshishni nazarda tutadi. Shu tariqa, foydalanishdan chiqqan shinalar yoʻl qurilish materiallarini tayyorlashda qoʻshimcha xomashyo sifatida ishlatilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida kompaniyalar hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat texnologiyani Oʻzbekistonda joriy etish masalasini batafsil ishlab chiqishni nazarda tutadi. Loyihaga Oʻzbekiston tomonidan hamkor sifatida SHB ROAD INVEST kompaniyasi jalb etilgan.
Loyiha amalga oshirilsa, mamlakatda zamonaviy yoʻl qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda eski shinalarni qayta ishlash hajmini kengaytirish imkoniyati paydo boʻladi. Oʻzbekiston elchixonasi erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlarni ishlab chiqishga koʻmaklashishini bildirgan.
Manba: Kun.uz