Uy xaridorlarining pullari eskrou hisobida saqlanishi taklif etildi
Oʻzbekistonda qurilayotgan uylar uchun toʻlangan mablagʻlarni maxsus bank hisobvaraqlarida saqlash va ularni quruvchilarga faqat belgilangan shartlar bajarilgandan keyin oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi ayrim qurilish kompaniyalari atrofidagi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Qoʻmita uylarni topshirish muddatlarining buzilishi, xaridorlarga pullarning qaytarilmasligi hamda bir qator kompaniya rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilganini qayd etdi.
Qoʻmita uy-joy uchun mablagʻ kiritgan fuqarolarning na vaʼda qilingan xonadonga ega boʻlishi, na pulini qaytarib olishi mumkin boʻlmagan holatini yoʻl qoʻyib boʻlmas deb baholadi. Shu sababli «Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasida nazarda tutilgan eskrou tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Tizimga koʻra, xaridorning puli maxsus bank hisobvaragʻida turadi va quruvchiga faqat shartlar bajarilgach oʻtkaziladi. Mexanizm qurilish jarayonida jiddiy muammo yuzaga kelsa, loyihaga boshqa quruvchini tezkor jalb qilish imkonini ham beradi. Qoʻmita bu firibgarlik va mablagʻlardan maqsadsiz foydalanish xavfini kamaytirishini hamda fuqarolarning bozorga ishonchini tiklashga yordam berishini ta'kidladi.
Manba: Kun.uz