Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Husiylar Saudiya Arabistonidan 51 mlrd dollar talab qildi

Yamandagi husiy harakati Saudiya Arabistoniga hujumlarni to‘xtatish evaziga 51 mlrd dollar tovon puli talab qilgani haqida The Wall Street Journal yozmoqda. Shuningdek, isyonchilar Ar-Riyoddan Yamandagi hokimiyatini rasman tan olishni so‘ramoqda.

Saudiya Arabistoni Qizil dengizdagi neft tankerlariga hujumlar va Bab al-Mandab bo‘g‘ozi yaqinidagi Al-Muxa shahri egallangach, nizoga barham berish shartlarini bilish uchun husiylar bilan bog‘langan. Husiylar mablag‘ni yillar davomidagi zarbalar va blokada oqibatlarini bartaraf etish hamda mamlakatni tiklash uchun so‘ramoqda.

Ular, shuningdek, Ar-Riyoddan xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman hukumatini qo‘llashdan voz kechishni talab qilmoqda. Nashrning yozishicha, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon harbiy ustunlikka erishmasdan bu shartlarga rozi bo‘lishni istamaydi.

Qirollik rasmiylari talablar bajarilsa, husiylarning yangi hujumlar va yana pul talab qilishidan xavotirda. Harbiy harakatlarni kengaytirish ham katta xavf tug‘diradi: yirik quruqlik operatsiyasi ko‘plab yo‘qotishlar va mamlakat ichida noroziliklarga olib kelishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, urush davomida o‘nlab saudiya harbiylari halok bo‘lgan, ammo bu yo‘qotishlar rasman e’lon qilinmagan. Avvalroq OAVda Saudiya Arabistoni husiylarga hujumlarni to‘xtatish uchun 1 mlrd dollar taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi; mudofaa vaziri muzokara uchun Tehronga borgan, mablag‘ Eron orqali o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid