Ispaniyada futbolchi o‘limi: darvozabonga jinoiy ish kutilmoqda
Ispaniya ikkinchi divizionidagi “Andorra” darvozaboni Ovono “Tenerife” hujumchisi de Migelning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun unga nisbatan jinoiy ish ochilishi va u jazolanishi kutilmoqda.
To‘p uchun kurash paytida Ovono tizzasi bilan 30 yoshli de Migelning ko‘krak qismiga kuchli zarba bergan, natijada hujumchining yuragi urishdan to‘xtab qolgan. Shifokorlar maydonning o‘zida yurak urishini tiklashga muvaffaq bo‘lgan, ammo futbolchi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. 3 noyabr tongida “Tenerife” bu haqda rasmiy e’lon qilgan.
Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Endi sud darvozabon harakatlari qanchalik asosli bo‘lganini hamda sportdagi tavakkalchilik chegarasidan o‘tib-o‘tmaganini aniqlashi kerak.
Cope radiosi ma’lumotiga ko‘ra, Ovono qattiq tushkunlikka tushgan va hozircha voqea yuzasidan ommaviy izoh bermagan. Shu fonda Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi 3 noyabrga belgilangan barcha o‘yinlarni qoldirishga qaror qilgan.
Manba: Daryo