Zelenskiy Melaniya Trampni orden bilan taqdirladi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH birinchi xonimi Melaniya Trampni “Knyaginya Olga” ordeni bilan taqdirladi. Mukofot Ukrainaga gumanitar yordam va bolalarni qutqarishdagi xizmatlari uchun berildi.
Tegishli farmon prezident veb-saytida e'lon qilindi. Hujjatga ko'ra, mukofot Melaniya Trampning gumanitar yordam, inson huquqlarini himoya qilish va xayriya faoliyatiga qo'shgan hissasi uchun berilgan. Shuningdek, uning rus agressiyasi qurboni bo'lgan ukrainaliklarni, jumladan, bosib olingan hududlardan noqonuniy olib ketilgan va majburan ko'chirilgan bolalarni qutqarishga qaratilgan faoliyati e'tirof etilgan.
Ma'lumot uchun, Melaniya Trampning vositachiligida 27 oktyabrda Rossiya va Ukraina Oleshki shahrida vaqtinchalik otashkesimga kelishgan. “Sukunat rejimi” shahar aholisiga gumanitar yordam ko'rsatish va ularni xavfsiz hududlarga ko'chirish maqsadida joriy etilgan.
Gumanitar missiya 29 oktyabrda boshlangan. Natijada Rossiya qo'shinlari nazoratidagi Oleshkidan 750 kishi evakuatsiya qilingan, ularning bir qismi Rossiya va Ukraina hududiga olib ketilgan. Shuningdek, Melaniya Tramp Oq uyda Rossiya va Ukraina vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etishni rejalashtirayotgani ma'lum qilindi.
Manba: Daryo