Apple ekranli uy robotini ishlab chiqmoqda
The Information nashrining xabariga ko‘ra, Apple o‘zining ilk uy robotini ishlab chiqmoqda. Qurilma 2027 yilda taxminan 1000 dollar narxda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan, ammo taqdimot 2028 yilga surilishi mumkin.
Robot kompaniyaning yaqinda taqdim etilgan HomeView aqlli displeyining takomillashtirilgan versiyasi bo‘ladi. Ichki hujjatlarda u HomeView Ultra yoki HomeView Max deb atalmoqda. Prototipida aylanuvchi tayanchga o‘rnatilgan 9 dyuymli ekran bor, dizayni esa klassik iMac G4 kompyuterini eslatadi.
Qurilma xona ichida mustaqil harakatlana oladi va atrof-muhit bilan o‘zaro aloqa qiladi. Kamera va datchiklar yordamida u odam kirganda chiroqni yoqishi yoki stol ustiga chiqqan mushukni haydashi mumkin. Ishlab chiquvchilar robotning buyumlar bilan to‘qnashib ketmasligi uchun imkoniyatlarini ham takomillashtirmoqda.
Qurilmaning texnik asoslari ikki yil oldin ishlab chiqilgan, ammo jamoa ichidagi kelishmovchiliklar tufayli taqdimot kechikmoqda: qaysi funksiyalarni birinchi versiyaga kiritish, qaysilarini keyingi avlodga qoldirish hali hal etilmagan. Shu bilan birga, Apple ilgari g‘ildirakli yordamchi robot, dron va kiyim taxlash mexanizmi ustida ham ishlagan, ammo ularning chiqish muddati noma’lum.
Manba: Daryo