NATO Rossiya ichkarisiga zarba berish variantlarini koʻrib chiqmoqda
NATO Rossiya tajovuzining oldini olish strategiyasini qayta koʻrib chiqmoqda va mamlakat ichkarisidagi harbiy hamda sanoat obyektlariga zarba berish variantlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Ukrainadagi va Yaqin Sharqdagi urushlar alyans strategiyasiga taʼsir koʻrsatayotgani qayd etilmoqda. Ushbu rejaga koʻra, mudofaa faqat chegarani qoʻriqlash bilan cheklanmaydi.
Iyun oyida NATO qoʻmondonligi tarixda ilk bor Deep Strike (Chuqur zarba) simpoziumini oʻtkazdi. Unda Rossiya ichkarisidagi harbiy bazalar va sanoat obyektlariga zarba berish masalasi muhokama qilindi. Rejaga koʻra, avval dushmanning birinchi toʻlqini toʻxtatiladi, soʻng uning harbiy tizimi izdan chiqariladi.
Harbiy mutaxassislar chuqur zarbalarning masofasi yuzlab kilometrga yetishini ta'kidlamoqda. Bu aviabazalar, harbiy lagerlar va energetika obyektlariga raketa hamda dronlar orqali zarba berishni nazarda tutadi.
AQSh Tomahawk va ATACMS raketalarini takomillashtirmoqda, Yevropa davlatlari esa qanotli raketalar zaxirasini oshirishga kirishgan; oltita davlatda 48 ta arzon qanotli raketa loyihasi eʼlon qilingan. Ukraina allaqachon Rossiya ichkarisidagi harbiy va iqtisodiy obyektlarga zarba bermoqda. Biroq ayrim siyosatchilar bunday qarordan chekinishi mumkinligi, harbiy reja bilan siyosiy fikr oʻrtasida tafovut borligi qayd etilmoqda.
Manba: Daryo