Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Dunyo Bugun, 18:47 1 marta oʻqildi

Qirgʻizistonda “Ona uylari” tarmogʻini kengaytirish taklif qilindi

Qirgʻizistonlik deputat Dastan Bekeshev mehribonlik uylari tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish va kichik “Ona uylari” tarmogʻini rivojlantirishni taklif qildi.

Deputat Bishkekdagi Oktyabr tumanida shunday ikkita muassasa ishlayotganini va u yerda og‘ir sharoitdagi sakkiz nafar ona kichik bolalari bilan yashayotganini aytdi. Uning fikricha, bunday maskanlar bolani oilada saqlab qolishga yordam beradi.

“Ona uylari” resurs markazlari qiyin hayotiy vaziyatga tushgan homilador ayollar va bolali onalarga psixologik, tibbiy, ijtimoiy hamda huquqiy yordam ko‘rsatadi. Birinchi markaz 2025-yil may oyida, ikkinchisi 2026-yil fevral oyida ochilgan.

Bekeshev bu tajribani milliy darajada rivojlantirishni taklif qilmoqchi, biroq davlat barcha xarajatlarni bir vaqtda o‘z zimmasiga olishi qiyinligini tan oldi. Shu sababli biznes vakillarini ham jalb qilish kerakligini aytdi. Shuningdek, u nafaqalarni oshirishning o‘zi kifoya emasligini ta’kidladi.

Mamlakatda 137 ta internatda qariyb 10 ming bola yashaydi, ularning 95 foizida ota-onasi yoki qonuniy vakili bor. Deputat bu masalalarni parlament majlislarida ko‘tarishni rejalashtirmoqda.

Manba: Daryo

Mavzuga oid