Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Texasda demokratlar gubernatorlik va Senat saylovida gʻalaba qozondi

Demokratik partiya nomzodi Jina Inohosa Texas gubernatorligi saylovida amaldagi gubernator Greg Ebbottni magʻlub etdi. Shu bilan birga, demokrat Jeyms Talariko AQSh Senati saylovida respublikachi Ken Pakstonni yengdi.

Ovozlarning taxminan 68 foizi sanalganda Inohosa 56,9 foiz ovoz to‘plagan, Ebbott esa 41,9 foiz ovoz olgan. Libertarian partiyasi nomzodi 1,3 foiz ovozni qo‘lga kiritgan.

Ostin shahridagi shtat vakillar palatasi a’zosi bo‘lgan 52 yoshli Inohosa Texasning lotin amerikalik ilk rahbari bo‘ladi. U, shuningdek, 1990-yildan beri shtatdagi gubernatorlik saylovida g‘alaba qozongan birinchi demokrat hisoblanadi.

Kampaniya davomida Inohosa Ebbottni oddiy odamlar o‘rniga yirik manfaatdor guruhlar manfaatini ustun qo‘yishda va xarajatlarni kamaytira olmaslikda ayblagan. Ebbott esa uni soliqlarni oshirmoqchi ekanini aytib, shtat hayot tarziga tahdid soluvchi radikal nomzod sifatida ko‘rsatgan.

Inohosa, shuningdek, energiyani ko‘p iste’mol qiladigan data-markazlar ko‘payishiga yo‘l qo‘yganlikda Ebbottni tanqid qilgan. Ebbott jamoatchilik noroziligiga javoban yangi data-markazlarni tasdiqlashga vaqtinchalik moratoriy joriy qilgan. G‘alaba oqshomida Inohosa tarafdorlariga: «Texas, men senga bo‘lgan ishonchimni hech qachon yo‘qotmaganman», dedi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid