Nega nikohlar kamaymoqda, ajrimlar koʻpaymoqda
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Oʻzbekistonda nikohlar kamayishi va ajrimlar ortishining asosiy sabablarini tushuntirdi. Ulardan biri tugʻilish pasaygan yillarda tugʻilganlarning hozir oila qurish yoshiga yetgani, yana biri esa eski sud ajrimlarining rasmiylashtirilmagani.
Qoʻmita 5-noyabr kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida Oila va gender ilmiy tadqiqot instituti bilan birgalikda tahlil qilingan nikoh va ajrim statistikasini taqdim etdi. Boʻlim boshligʻi Rahima Mirxoliqovaning soʻzlariga koʻra, 18–29 yoshdagi fuqarolar orasida nikohlar kamayishiga 1993–2004 yillarda tugʻilish koʻrsatkichining pasayishi taʼsir qilmoqda.
2026 yilning toʻqqiz oyida 38 614 ta ajrim qayd etilgan. Ularning 40 foizdan ortigʻi avval sud qarori bilan ajrashgan, ammo buni FHDYO organlarida rasmiylashtirmagan fuqarolarga toʻgʻri keladi. Qoʻmita vakili sud qarori mavjudligining oʻzi hali rasmiy ajrim hisoblanmasligini taʼkidladi.
Masalan, Qashqadaryoda 1981 yilda sud qarori bilan ajrashgan er-xotin qarorni roʻyxatdan oʻtkazmagan. 2026 yilda ayol notariusga murojaat qilganda, eski nikoh hali ham rasman bekor qilinmagani maʼlum boʻlgan. Qoʻmitaning aytishicha, bunday holatlar davlat idoralarining axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilingach aniqlana boshlagan.
Bu, ayniqsa, ijtimoiy yordam va uy-joy subsidiyasi olayotgan ayollarga taʼsir qilmoqda: rasman er hisoblangan, ammo amalda alohida yashaydigan erkakning daromadi ham oilaviy daromad sifatida hisobga olinadi. Shu sababli ayollar eski sud qarorlarini taqdim etib, ajrimni rasmiylashtirmoqda. Shu bilan birga, qoʻmita tugʻilish koʻrsatkichi yana oshayotganini va bu 2040 yilga borib nikohlar sonini sezilarli oshirishi mumkinligini taʼkidladi. Statistika agentligi maʼlumotiga koʻra, 2026 yilning yanvar–iyun oylarida 92,3 ming nikoh va 24,8 ming ajrim qayd etilgan. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan nikohlar 3 ming taga kamaygan, ajrimlar esa 1,5 ming taga koʻpaygan.
Manba: Gazeta.uz