Prezident Buxoroda yangi turizm markazi qurilishi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida qurilayotgan yangi turizm markazidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Loyiha 50 gektar maydonda, 105 million dollar investitsiya hisobiga amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabariga ko'ra, markazda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Hozircha ishlar markazning 10 gektar maydonida davom etmoqda.
Loyihaga ko'ra, hududda qabullar uyi, ko'rgazmalar zali, muzey, ikkita zamonaviy mehmonxona, 80 ta oilaviy mehmon uyi, 2 ming o'rinli amfiteatr va 70 dan ortiq savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchasi barpo etiladi. Shuningdek, dam olish maskanlari, hunarmandchilik markazlari va sun'iy ko'l tashkil etiladi.
Inshootlar Buxoro me'morchiligiga xos an'analarni zamonaviy yechimlar bilan uyg'unlashtirish asosida loyihalanmoqda. Markaz shaharda yirik xalqaro madaniy va tadbirkorlik tadbirlarini o'tkazish imkonini beradi.
Majmua to'liq ishga tushgach, 2 ming ish o'rni yaratilishi va Buxoroga qo'shimcha 2 milliondan ortiq sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, mahalliy byudjetga yillik tushum 288 milliard so'mni tashkil etishi mumkin.
Manba: Gazeta.uz