Namanganda sovun korxonasi faoliyati toʻxtatildi
Davlatobod tumanidagi xususiy sovun ishlab chiqarish korxonasi ekologik talablarni buzgani aniqlangach, faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqda Ekologiya qoʻmitasi xabar berdi.
Porloq mahallasi aholisi sovun ishlab chiqarish sexidan badboʻy hid tarqalayotgani haqida Ekologiya boshqarmasiga shikoyat qilgan. Shikoyat asosida boshqarma ekopolitsiya xodimlari korxonani tekshirgan.
Tekshiruvda korxonada zamonaviy chang-gaz tutuvchi filtr oʻrnatilmagani va atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalarning kimyoviy koʻrsatkichlari belgilangan meyordan yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, korxonada ekologik ekspertiza boʻyicha ijobiy xulosa mavjud emas.
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar korxona faoliyati toʻxtatib qoʻyildi. Oldinroq Toshkentda filtri nosoz boʻlgan issiqxona faoliyati ham vaqtincha toʻxtatilgani eslatib oʻtilgan.
Manba: Daryo