Saudiyaning «oynavand shahri» talabga qarab quriladigan boʻldi
Saudiya Arabistonining 170 kilometrlik The Line loyihasi endi bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan uzoq muddatli qurilish sifatida taqdim etilmoqda. Butun shaharni qurib bitkazishning yangi muddati hali eʼlon qilinmagan.
Dastlabki konsepsiyada shahar uzunligi 170 kilometr, balandligi 500 metr va eni 200 metr boʻlishi rejalashtirilgan edi. Loyiha NEOM'ning rasmiy saytida hanuz mavjud, loyihaning butunlay bekor qilingani haqida esa ma'lumot yoʻq.
2025-yil iyulida Saudiya Davlat investitsiya jamgʻarmasi loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini baholash uchun maslahatchilarni jalb qilgani haqida xabarlar tarqalgan. Shu vaqtda birinchi bosqichning hajmi va u yerda yashashi moʻljallangan aholi soni qayta koʻrib chiqilgan.
Oktabr boshida Reuters ikki manbaga tayanib, The Line ichidagi futbol stadionining qurilishi noma'lum muddatga qoldirilgani haqida xabar berdi. Saudiya rasmiylari ishlar qachon davom etishini tasdiqlamagan. Shu bilan birga, 2034-yilgi jahon chempionati uchun topshirilgan arizada stadion hali ham dastlabki loyihasi boʻyicha koʻrsatilmoqda.
NEOM'ning boshqa obyektlarida esa ishlar boshlanmoqda: HUMAIN va DataVolt 2026-yil 31-avgustda Oxagon sanoat hududida sun'iy intellekt uchun ma'lumotlar markazi qurilishi boshlanganini eʼlon qilgan. Birinchi bosqichda rejalashtirilgan 360 megavattlik quvvatning 100 megavatti 2028-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. Ushbu obyekt The Line oʻrnini bosmaydi, u mustaqil loyiha hisoblanadi.
Manba: Kun.uz