Qozogʻistonlik burgut 1400 km uchib Qashqadaryoga yetib keldi
Qozogʻistonda tugʻilganiga bir necha oy boʻlgan dasht burguti GPS-treker yordamida kuzatilmoqda. U taxminan 1400 km masofani bosib oʻtib, hozir Qashqadaryo viloyatida, Qarshi shahri yaqinida boʻlgan.
Tongʻish laqabli burgut iliq hududlarga birinchi mustaqil sayohatini boshlagan. Uning harakatini Qozogʻistonning “Oltin-Emel” milliy bogʻi mutaxassislari Zoologiya instituti bilan birgalikda kuzatib bormoqda. Burgutga 20 iyul kuni quyosh batareyasida ishlaydigan GPS-treker oʻrnatilgan.
Milliy bogʻ maʼlumotiga koʻra, 2 noyabrda burgut Qozogʻiston hududini tark etib, Qirgʻizistonni kesib oʻtgan va Samarqand shahrigacha yetib kelgan. Undan keyin Qarshi yaqinida boʻlgan. Yoʻnalish: Oltin-Emel, Qonayev, Olmaota, Bishkek, Taraz, Chimkent, Samarqand.
Dasht burguti Qizil kitobga kiritilgan. Treker orqali olingan maʼlumotlar mutaxassislarga qushlar uchun xavfli boʻlishi mumkin boʻlgan hududlarni aniqlash va himoya choralarini oʻz vaqtida koʻrish imkonini beradi. Burgut qishlaydigan joyiga yetguniga qadar kuzatuv davom etadi.
Manba: Daryo