Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Oʻzbekiston Bugun, 16:07 1 marta oʻqildi

COP31: O‘zbekiston va BMTTD iqlim investitsiyalarini muhokama qiladi

11-noyabrda Turkiyaning Antaliya shahrida COP31 doirasida O‘zbekiston milliy pavilonida O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) o‘rtasidagi strategik iqlim hamkorligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkaziladi. Unda iqlim loyihalariga investitsiya jalb etish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Tadbirda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, milliy iqlim majburiyatlarini amalga oshirish va iqlimni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish muhokama qilinadi. Xususan, Parij bitimi doirasidagi uchinchi milliy hissa (NDC 3.0)ni amalga oshirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash hamda investitsiya uchun jozibador loyihalar portfelini shakllantirish alohida e’tiborda bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Yo‘qotishlar va zararlarni qoplash jamg‘armasi (FRLD) bilan hamkorligi hamda BMTTD ko‘magida amalga oshirilayotgan «Climate BRIDGE» tashabbusidagi ishtiroki ko‘rib chiqiladi. Mazkur tashabbus milliy iqlim majburiyatlarini aniq investitsiya loyihalariga aylantirishga qaratilgan. Orolbo‘yi kabi iqlim ta’siriga zaif hududlarning barqarorligini oshirish masalalari ham kun tartibida.

Tadbirda davlat organlari, BMTTD, xalqaro moliya institutlari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. Uchrashuv yakunida iqlimni moliyalashtirish mablag‘larini jalb etish va strategik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlar belgilanishi rejalashtirilgan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid