Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Talabalarni “Xavfsiz talaba” ilovasini oʻrnatishga majburlash holati

Bir qator oliy taʼlim muassasalarida “Xavfsiz talaba” ilovasini oʻrnatmagan talabalar darslarga kiritilmayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Taʼlim va ilm-fan vazirligi masalani nazoratga oldi.

Talabalarning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa oliy taʼlim tashkilotlarida ilovani oʻrnatmagan talabalar dars jarayoniga kiritilmayapti. Ayrim talabalar 3-noyabr kuni universitet kirish qismida ushlab qolinib, ilovani oʻrnatishga majbur qilingani aytilmoqda. Darsga kechikkanlarga esa “nb” belgisi qoʻyilgan.

Talabalarning aytishicha, dars davomida dekan, dekan oʻrinbosari va tyutorlar auditoriyaga kirib, ilovani oʻrnatmagan talabalarni oʻrnidan turgʻizgan. Ilovani oʻrnatishdan bosh tortganlarga esa tanbeh berilgan.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ham bir necha haftadan beri qandaydir “APK” ilovasini oʻrnatishga majbur qilinayotganini bildirgan. Toshkent davlat yuridik universitetida ham talabalardan “Xavfsiz talaba” ilovasini oʻrnatish talab qilinayotgani xabar qilinmoqda.

Taʼlim va ilm-fan vazirligi holatga munosabat bildirib, masala nazoratga olinganini maʼlum qildi. Vazirlik rahbariyati holatni tezkor oʻrganish boʻyicha koʻrsatma berdi, ishchi guruh oʻrganish ishlarini boshladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid