Texnikum o‘quvchilari ham Work and Travel dasturida ishtirok etadi
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarning o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari o‘quvchilari Work and Travel xalqaro dasturi doirasida xorijda ishlash va sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 604-sonli qaroriga ko‘ra, yangi tartibga muvofiq texnikum o‘quvchilari Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyaga borib ishlashi hamda sayohat qilishi mumkin bo‘ladi.
Ishtirokchilarning borib-kelish va boshqa bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun maxsus ssuda ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Migratsiya agentligiga esa har yili 1 martgacha xorijiy ish beruvchilar bilan tegishli hamkorlik shartnomalarini imzolash vazifasi yuklandi.
Shuningdek, kasbiy ta’lim jarayonlarini boshqarish tizimini shaffoflashtirish maqsadida «EMIS RT» axborot tizimiga texnikum, kasb, o‘qish bosqichi, ta’lim shakli va o‘zlashtirish baholari haqidagi ma’lumotlar kiritib boriladi. Bu tashabbus avvalroq, 24 fevral kuni prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida e’lon qilingan edi.
Manba: Gazeta.uz