Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkentda gashishli qandolat tayyorlagan narkolaboratoriya fosh etildi

Toshkentda ijara uyida ishlayotgan narkolaboratoriya aniqlanib, u yerda gashish qoʻshilgan qandolat mahsulotlari tayyorlangan. Ichki ishlar vazirligi xabariga koʻra, jami 6 kg giyohvandlik vositasi olingan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro xonadonidagi narkolaboratoriya fosh etilgan. Bu yerda giyohvand moddalar aralashtirilgan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Tadbir davomida internet-narkoʻdoʻkon uchun “zakladchik” sifatida ishlagan, 2002 yilda tugʻilgan shaxs Yashnobod tumanida ushlangan. Undan 58 ta oʻramda 74 gramm gashish moyi topilgan. Tezkor-qidiruv maʼlumotlariga koʻra, u moddalarni shu narkoʻdoʻkonning omborchisidan olib turgan.

Omborchi Chilonzor tumanidagi Doʻmbirobod mahallasida ijaradagi uyda narkolaboratoriya tashkil etgan. Uydan 3,5 kg gashish moyi, tarqatishga tayyorlangan 361 ta oʻram, 600 gramm gashish, gashish moyi qoʻshilgan 1,5 kg pechene va marmeladlar hamda ishlab chiqarish uskunalari olingan. Hammasi boʻlib 6 kg, 19 250 dozaga teng modda hujjatlashtirilgan.

Ikkala shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid