Samarqand–Buxoro oraligʻida pulli yoʻl qurish rejalashtirilmoqda
Samarqand va Buxoro oʻrtasida sement-beton qoplamali pulli avtomobil yoʻli qurish rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshsa, shaharlar oʻrtasidagi yoʻl vaqti hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi. Masala Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida oʻtkazilgan yigʻilishda muhokama qilindi.
Yigʻilishda Samarqand–Buxoro yoʻnalishi uchun tezyurar poyezd yangi temiryoʻl liniyasi ham koʻzda tutilgani qayd etildi. Masʼullarga avtomobil va temiryoʻl loyihalarining master-rejalarini yakunlash hamda hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash topshirildi.
Shuningdek, 2026-yilda Buxoro orqali oʻtuvchi A-380 avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish yakunlanishi belgilangan. 2027-yilda M-37 yoʻlining viloyat hududidagi 69 kilometrini yangilash ishlari boshlanadi. Loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrli aylana yoʻl ham quriladi.
Yigʻilishda ichimlik suvi va oqova tarmoqlari masalasi ham koʻrib chiqildi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan amalga oshirilayotgan 385 million dollarlik loyiha doirasida suv taʼminoti yaxshilanib, 1,7 million aholi foydalanishi, 775 ming kishi kanalizatsiya tarmogʻiga ulanishi kutilmoqda. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov 80 foizdan 95 foizgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Manba: Kun.uz