Xitoyda onalar dam olish uchun mehmonxonalarni ijaraga olmoqda
Xitoyda ishlaydigan onalar orasida ish kunidan keyin bir necha soatga mehmonxonada yolg‘iz qolish odati tarqalmoqda. Ular bu bilan uydagi tinimsiz parvarish va ro‘zg‘or ishlaridan vaqtincha xalos bo‘lishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu trend keng muhokama qilinmoqda. Masalan, eri, qaynonasi va bog‘cha yoshidagi qizi bilan yashaydigan 34 yoshli xitoylik ayol ish kunidan so‘ng mehmonxonada to‘rt soatlik xona band qiladi. Bu vaqt ichida u dush qabul qiladi, tinch ovqatlanadi, kitob o‘qiydi va televizor ko‘radi.
Ba’zi onalar bu vaqtni sport, mutolaa yoki meditatsiya uchun ishlatadi, ko‘pchilik esa shunchaki uxlab oladi. Bir qismi esa qarindoshlarining tanqidi va oila a’zolarining e’tirozidan qochish uchun mehmonxonaga yashirincha borishini aytadi.
Internet foydalanuvchilari bolalar parvarishi va uy ishlarining asosiy yukini ko‘pincha ayollar tortayotganiga e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, Yaponiyaning bir necha hududida uyqusizlikdan charchagan ota-onalar uchun “tungi yig‘i qahvaxonalari” ochilgani ham qayd etilgan.
Manba: Daryo