Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Turkiy davlatlar tashkilotida Rossiya kuzatuvchi maqomiga mos emas

Turkiyaning hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi vakili Rossiyaning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) kuzatuvchi sifatida qoʻshilish talablariga javob bermasligini aytdi. U Rossiyaning soʻrovi tashkilotning strategik maqsadlari va turkiy dunyoning umumiy manfaatlarini hisobga olgan holda koʻrib chiqilishi kerakligini taʼkidladi.

TDT nizomiga koʻra, kuzatuvchi maqomini olish uchun turkiy yoki qardosh tillardan biri mamlakat miqyosida davlat yoki rasmiy til boʻlishi kerak. Bu mezonga mos kelmaydigan davlatlar uchun tashkilot bilan hamkorlikning “TDT+” formati nazarda tutilgan, u uchinchi davlatlar bilan moslashuvchan aloqalar imkonini beradi.

Partiya vakili yangi aʼzolarni qabul qilish masalasi nozik va muhim ekanini qayd etdi. Barcha aʼzolar kelishsa, tashqi ishlar vazirlari yoki davlat rahbarlari ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuvlar oʻtkazilishi mumkinligini ham aytdi.

TURKSOY doirasida Rossiya hududlari bilan madaniy hamkorlikni tiklash taklif qilingan. Hozir Oltoy, Tuva, Chuvashiya, Boshqirdiston, Yoqutiston va Tatariston ushbu tashkilotning kuzatuvchi aʼzolari hisoblanadi. Manbaga koʻra, 2015 yilda Rossiya rasmiylarining qarori bilan bu hududlarning TURKSOY bilan hamkorligi amalda toʻxtatilgan.

Oktyabr oyi oxirida Anqarada boʻlib oʻtgan sammitda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Rossiyaning TDTga qoʻshilishini yoki tashkilot faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini taklif qildi. Shuningdek, u TDT harbiy ittifoqqa aylanib qolmasligi kerakligini taʼkidladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid