Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Samarqandda narkoishda ayblangan yigit oqlandi

Ishtixon tuman sudi mefedron sotishda ayblangan 23 yoshli Jamshid Akmalovni oqladi. Sud jarayonida tezkor xodimlar ishni o‘zlari uyushtirgani haqida ko‘rsatmalar berildi.

Ishtixon tuman sudi raisi Jonibek Raupov yigitni aybsiz deb topdi. Ayblovga ko‘ra, 2026-yil 14-martda tezkor tadbir paytida u 1,02 gramm mefedronni 300 dollarga sotgan. Shundan so‘ng u 15-martdan qamoqda saqlangan edi.

Akmalov sudda aybini tan olmadi. U tezkor xodimlar undan giyohvand modda topib berishni talab qilganini, rad javobidan keyin kaltaklanganini va cho‘ntagiga pul solib, suratga olinganini aytdi. Tezkor vakillar esa pulning uning cho‘ntagidan topilganini ko‘rsatdi.

Sudda tadbirda ishtirok etgan ikki xolis ham tinglandi. Ularning aytishicha, ular o‘sha kuni IIBga boshqa ish yuzasidan kelgan bo‘lgan, Akmalov olib kelingan avtomobil ham ularga tegishli ekan. Tezkor xodimlar avtomobil ichidagi suhbatlar videoga yoki audioga yozilmaganini tan olgan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid