Texnogen ofatlar zararini qoplashning yangi tartibi joriy etildi
Oʻzbekistonda texnogen favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplashning yangi tartibi joriy etildi. Tegishli nizom Vazirlar Mahkamasining 606-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
Har bir tuman va shahar hokimligi huzurida zararni qoplash jamgʻarmalari tashkil etiladi. Ular mahalliy byudjet, zaxira mablagʻlari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllanadi.
Halok boʻlganlarning oila aʼzolariga 220 mln soʻmgacha bir martalik moddiy yordam beriladi. Og'ir jarohat olganlarga 88 mln, oʻrtacha jarohat olganlarga 66 mln, yengil jarohat olganlarga 44 mln soʻmgacha yordam pulu ajratiladi. Uy-joyini yoʻqotganlarga vaqtinchalik turar joy yoki ijara uchun tovon puli toʻlanadi.
Arizalar favqulodda vaziyat sodir boʻlgan kundan boshlab 30 kun ichida topshiriladi, hujjatlar esa «Raqamli hukumat» tizimi orqali olinadi. Barcha tegishli toʻlovlar qaror qabul qilingach 30 kun ichida amalga oshiriladi.
Ruxsatsiz qurilgan va davlat roʻyxatidan oʻtmagan uy-joylar, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarga ruxsatsiz aralashuv hamda qonunga xilof qazib olish va xavfsizlik qoidalarini buzish oqibatidagi zararlar qoplanmaydi. Badiiy qiymatga ega buyumlar va sugʻurtalangan mol-mulk esa sugʻurta shartnomasi asosida qoplanadi. Aybdor tomon zararni toʻlay olmasa yoki aybdorlik sud tomonidan aniqlanmagan boʻlsa, toʻlovlar jamgʻarma hisobidan amalga oshiriladi va keyin regress tartibida undiriladi.
Manba: Gazeta.uz