25,4 foiz litsey o'quvchisi OTMga qo'shimcha tayyorgarlik zarur deydi
Akademik litseylarda o'tkazilgan milliy so'rovnomaga ko'ra, o'quvchilarning 70,1 foizi oliy ta'limga kirish imkoniyatiga to'liq ishonadi, 25,4 foizi esa qo'shimcha tayyorgarlik kerakligini bildirdi.
Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligining tahlili 2026 yil 21 martdan 9 aprelgacha respublikaning 14 ta hududidagi 73 ta akademik litseyda o'tkazilgan so'rovnoma natijalariga asoslangan. Unda 24 557 nafar o'quvchi va 2 520 nafar pedagog ishtirok etgan.
Tahlilga ko'ra, oliy ta'limga kirishga ishonch darajasi 95,5 foizni tashkil etadi. Pedagoglarning 98,6 foizi o'quvchilarning oliy ta'limga tayyorgarligini ijobiy baholagan.
Xalqaro ta'lim dasturlari bilan integratsiya bo'yicha ijobiy baho 60,9 foizga teng bo'lib, bu yo'nalishda rivojlanish imkoniyatlari saqlanib qolmoqda. Ixtisoslashuv bo'yicha umumiy ko'rsatkich tibbiyot yo'nalishida 83,6 ball, ijtimoiy-gumanitar yo'nalishda 74,1 ball bo'lgan. Tahlil pedagogika va ijtimoiy-gumanitar yo'nalishlarda xalqaro ta'lim elementlarini kengaytirish zarurligini qayd etgan.
Manba: Daryo