Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Metro 2025-yilda yoʻlovchilardan 353 mlrd soʻm daromad oldi

Toshkent metropoliteni oʻtgan yili yoʻlovchilardan 353 mlrd soʻm daromad oldi, ammo xarajatlarni toʻliq qoplash uchun hamon davlat subsidiyasiga tayanmoqda. Bu haqda metropoliten rahbariyati matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Tizimning yillik xarajatlari 950 mlrd soʻmdan oshgani, yetishmayotgan mablagʻ esa davlat byudjeti hisobidan qoplanayotgani aytildi. Boshqaruv raisi oʻrinbosari Yoʻldosh Yusupovning soʻzicha, yoʻlovchilardan tushgan mablagʻ umumiy xarajatlarning taxminan uchdan bir qismini qoplaydi.

Asosiy xarajatlar xodimlar ish haqi va elektr energiyasiga toʻgʻri keladi: qariyb 6 ming xodim uchun oyiga 60 mlrd soʻmdan ortiq, elektr energiyasi uchun esa oyiga qariyb 10 mlrd soʻm sarflanadi. Shuningdek, harakat tarkibi, yoʻllar, tunnellar va boshqa inshootlarni saqlash va taʼmirlash xarajatlari mavjud.

Bir yoʻlovchini tashish tannarxi taxminan 5300 soʻm, yoʻlovchi esa bir safar uchun 2500 soʻm toʻlashi aytildi. Shu sababli metroda yoʻl haqi 1700 soʻmdan 2500 soʻmga oshirilgan. 2026-yil uchun dastlab 572 mlrd soʻm subsidiya rejalashtirilgan boʻlsa-da, ehtiyoj 700 mlrd soʻmga yaqinlashgan.

Metropoliten qoʻshimcha daromad manbalarini kengaytirishni maqsad qilgan. Reklama orqali 2025-yilda qariyb 30 mlrd soʻm olingan boʻlib, 2026-yilda bu koʻrsatkichni 40 mlrd soʻmga yetkazish koʻzda tutilgan. Vending qurilmalari soni 2025-yilgacha 6 ta boʻlgan boʻlsa, 2026-yil may oyiga kelib 67 taga yetgan va yil oxirigacha 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid