Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Surxondaryoda piyoz narxi 4–4,5 ming so‘mga yetdi: sabablar

Surxondaryo bozorlarida piyozning 1 kilogrammi 4–4,5 ming so‘mdan sotilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi narx oshishining sabablarini tushuntirdi.

Vazirlik narx oshishiga transport xarajatlari, mavsumiy omillar hamda yoqilg‘i-moylash materiallari va logistika xizmatlarining qimmatlashuvi ta’sir qilayotganini bildirdi. Shuningdek, olib-sotar tadbirkorlarning 25–50 foizgacha savdo ustamasi ham narxni oshirmoqda.

Viloyatda joriy yil hosilidan piyoz dalalarda qolmagan, shu sababli bozorlar Jizzax va Samarqand viloyatlaridan keltirilayotgan mahsulot hisobiga ta’minlanmoqda. Transport xarajatlari qo‘shilgach, Jizzaxdan keltirilgan piyozning tannarxi 2 950–3 650 so‘mga yetadi.

Mamlakatda 2026 yilda 1,5 million tonna piyoz yetishtirilishi hisoblanmoqda, bu ichki iste’mol talabidan 35 foizga ko‘p. 2026–2027 yillar qish-bahor mavsumi uchun 102,8 ming tonna piyoz zaxiraga olinmoqda, shundan 2 750 tonnasi Surxondaryoga to‘g‘ri keladi.

Vazirlik piyoz narxini sun’iy oshirishga urinayotgan shaxs va tadbirkorlarni ogohlantirdi. Mahsulotni omborda ushlab turish vazn kamayishi va sifat buzilishi tufayli zarar keltirishi mumkinligi ta’kidlandi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid