O‘rgimchaklarda odamnikiga o‘xshash uyqu bosqichi topildi
Biologlar tajribalarda o‘rgimchaklar haqiqatan ham uxlashini tasdiqladi. Ularda odamning tez uyqu bosqichiga o‘xshash holat, ya’ni oyoqlar titrashi va ko‘z ichki tuzilmalari harakati kuzatildi.
PNAS jurnalida chop etilgan tadqiqot Bonn universiteti olimlari ishtirokida o‘tkazildi. Unda Avstraliyaning Kvinslend shtati tropik o‘rmonlarida yashaydigan sakrovchi o‘rgimchaklar — Portia fimbriata turi o‘rganildi.
Infraqizil kameralar yordamida olingan tungi videolarda almashinib turadigan ikki holat aniqlandi: birinchisida jonivor deyarli qimirlamasdi, ikkinchisida esa ko‘zining ichki tuzilmalari va oyoqlari harakatlanardi. Har bir epizod taxminan 83 soniya davom etib, tungi uyqu o‘rtacha 10,7 soatni tashkil qildi.
Uyqusini buzish tajribasida o‘rgimchaklar kechasi meva bo‘laklari bilan bezovta qilindi. Keyingi tunda tinch uxlaganda ularning uyqu davomiyligi 8,5 foizga, o‘xshash epizodlar soni esa 64,6 foizga oshdi.
Biroq olimlar o‘rgimchaklarning asab tizimi faoliyatini o‘lchamagan, xulosalar faqat harakat va tashqi ta’sirga javob berish vaqtiga asoslangan. Shu sababli harakatli bosqichni odamning REM uyqusi bilan to‘liq bir xil deb bo‘lmaydi.
Manba: Kun.uz