Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

AQSh armiyasining yangi HADES razvedka samolyoti ilk marta uchdi

AQSh armiyasi uzoq masofalardan razvedka olib borishga moʻljallangan HADES tajriba samolyotining ilk parvozini amalga oshirdi. Yangi tizim keng hududlardagi vaziyatni kuzatish va harbiy qoʻmondonlikni axborot bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

HADES — High Accuracy Detection and Exploitation System, yaʼni yuqori aniqlikdagi aniqlash va axborotni qayta ishlash tizimi. Dastur AQSh armiyasining havodan razvedka, kuzatuv va maʼlumot toʻplash imkoniyatlarini yangilashga qaratilgan.

Samolyot asosi sifatida zamonaviy tijorat reaktiv samolyoti platformasi tanlangan. U eski turbovintli razvedka samolyotlariga nisbatan tezroq va uzoqroq uchadi, koʻproq yuk koʻtaradi hamda balandroq parvoz qila oladi.

Parvozga tayyorgarlik va uni oʻtkazishga AQSh armiyasining qanotli samolyotlar loyihalari boshqarmasi (Fixed Wing Project Office) rahbarlik qildi, sanoat hamkori Sierra Nevada Corporation esa ishtirok etdi. Bu hozircha tajriba namunasining birinchi parvozi boʻlib, bort tizimlarini integratsiya qilish va parvoz sinovlari keyingi bosqichda davom etadi. Maxsus razvedka uskunalari, jumladan, radioelektron razvedka (SIGINT) tizimlari esa keyinroq oʻrnatiladi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid